Qabulda dastlab, Chexiya Prezidenti Petr Pavel O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda olib borayotgan islohotlari va ochiq tashqi siyosatlarini olqishladi hamda Davlatimiz rahbariga samimiy salomini yetkazib qo‘yishni so‘radi. O‘z navbatida, Bosh vazir Abdulla Aripov Chexiya Prezidentiga Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ham salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Uchrashuvda mamlakatimizning bugungi kunda erishayotgan natijalarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar asosiy omil bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, bugun O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat olib bormoqda. Pirovardida, xorijiy davlatlar, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi bilan teng va o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda. Jumladan, O‘zbekiston-Chexiya o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda hamkorlik kengayayotgani, vazirlar darajasidagi aloqalar ham faollashib borayotgani bunga misol. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, energetika, transport, turizm, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar, turizm, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.


Umuman olganda, O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Chexiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakatning “Shkoda”, “Omnipol”, “Kristal Bogemiya”, “Primako” va boshqa yetakchi firma va kompaniyalari vakillari bilan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish maqsadida bir qator korxonalarga tashrif buyurildi.

Chexiyaga tashrif yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 800 million yevrodan ziyod investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan