Termiz tumanida aliment to‘lamagan 2 nafar qarzdor otalar ishi sayyor sudda ko‘rib chiqildi

Qonunlarimizda belgilab qo‘yilganidek har bir ota-ona farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning ta’lim-tarbiyasi hamda moddiy ta’minoti uchun mas’ul. Afsuski oramizda o‘zining ana shu burchini unutib qo‘yayotganlar ham yo‘q emas.
Kuni kecha Termiz tumani “Orol” mahallasida bo‘lib o‘tgan sayyor sud jarayonlarida shu kabi aliment to‘lovlaridan qasddan bo‘yin tovlagan ikki nafar qarzdor otalarning ishi ko‘rib chiqildi.


Tumanda yashovchi Oltiboy Jo‘rayev sud buyrug‘iga asosan voyaga yetmagan uch nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashi lozim bo‘lsa-da, qarzdor ota jami bo‘lib 17 million 395 ming so‘m aliment qarzini to‘lashdan bosh tortib kelganligi aniqlandi.


Shuningdek, bir yil muqaddam qarzdor otaga nisbatan  aliment pulini to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining qarori bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan bo‘lsa-da o‘ziga tegishli xulosa qilmasdan farzandlarining ta’minotiga befarq munosabatda bo‘lgani uchun 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Xuddi shu kabi Majburiy ijro byurosi Termiz tuman bo‘limi tomonidan qo‘zg‘atilgan yana bir jinoyat ishi sayyor sudda ko‘rib chiqildi.


Tumanning “Gulbahor” mahallasida yashovchi Chori Eshmatov ham bir nafar farzandining ta’minoti uchun yillar davomida yig‘ilib qolgan 46 million so‘mdan ortiq aliment pulini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi uchun sudning hukmi bilan 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, farzandlar ta’minoti uchun aliment qarzdorligi Majburiy ijro byurosida tashkil qilingan maxsus jamg‘arma hisobidan to‘lab beriladigan bo‘ldi.
Shuni unutmaslik kerakki, bu bilan ushbu shaxslar zimmasidagi aliment qarzdorlik soqit bo‘lmaydi.
 
 
Nurali Mahmudov,
Byuroning Termiz tuman bo‘limi davlat ijrochisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan