Avvalroq, Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼat xodimlariga uy-joy uchun subsidiya ajratilishi haqida xabar bergan edik.
Mazkur loyiha ijtimoiy tarmoqda keng muhokamalarga sabab boʻlganidan soʻng Madaniyat vazirligi loyiha yuzasidan tushuntirish berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda madaniyat va sanʼat sohasida 36 mingdan ortiq xodimlar faoliyat olib boradi. Ulardan 850 nafardan ziyodi oliy taʼlim tizimida, 2,5 ming nafari oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tizimida, 12 ming nafardan ortiq oʻqituvchilar bolalar musiqa va sanat maktablarida, 9 ming nafardan koʻproq murabbiylar madaniyat markazlarida, 6 ming nafardan ortiq ijodkorlar teatr va sirk sohasida, 2,9 ming nafardan ortiq sanʼatkor va ijodkorlar konsert-tomosha sohasida mehnat qilib kelmoqda.
“Qolaversa, xalqaro miqyosdagi koʻrik-tanlovlar va festivallarda yuqori oʻrinlarni egallab, Vatanimiz nomini ulugʻlashga hamda madaniyat va sanʼat sohasi rivojiga katta hissa qoʻshayotgan madaniyat va sanʼat sohasi vakillarining aksariyati uzoq yillardan buyon oilaviy yotoqxonalarda yashab kelmoqda.Ijtimoiy tarmoqlarda iddao qilinayotganidek, madaniyat va sanʼat sohasi vakillarining hammasi ham bir xilda toʻy-hasham, tugʻilgan kun va yoki boshqa tadbirlarda xizmat koʻrsatish, qoʻshimcha daromad topish imkoniyatiga ega emas. Lekin shunga qaramay, ular oʻz kasbiga mehr qoʻyib, fidoyilik bilan mehnat qilmoqda”, – deyiladi xabarda.
Shuningdek, vazirlik mazkur qonun loyihasini huquqiy asoslarini ham keltirib oʻtgan.
Unga koʻra, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida“gi qonuni 3-moddasida oʻz kasbiy faoliyatini madaniyat tashkilotlarida amalga oshiruvchi jismoniy shaxs madaniyat xodimi, kasbiy yoki nokasbiy asosda (havaskorlik asosida) madaniy faoliyatning bir yoxud bir necha yoʻnalishi boʻyicha ijodiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxs ijodkor ekanligi koʻrsatib oʻtilgan.
Madaniyat va sanʼat sohasi vakillari, ijodkorlar, shuningdek, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchi va xodimlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash ”2022 – 2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 76-maqsadida belgilangan.
Shu bilan birga, prezidentning 2022-yil 2-fevraldagi PQ–112-son qarori 11-bandida Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ushbu hududda uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va sanʼat sohasi vakillariga hamda isteʼdodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq prezidentning 2021-yil 9-dekabrdagi PF–33-son farmoniga muvofiq belgilangan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori boʻlmagan miqdorda subsidiya berilishi belgilab qoʻyilgan.
“Internet saytlari, ijtimoiy tarmoq sahifalari, rasmiy nashrlar portalida madaniyat va sanʼat sohasi vakillari shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish yoki yolgʻon, sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish kabi huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymagan holda qonunchilik hujjatlari yuzasidan asoslangan taklif va mulohazalar bildirilishini soʻrab qolamiz”, – deyiladi xabarda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan