“Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining oʻrni va ulushini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi

Qarorga koʻra, 2024–2026-yillarda quyidagi maqsadli koʻrsatkichlarga erishishga qaratilgan mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish dasturi amalga oshiriladi:

  • mikromoliyalash bozori hajmini kamida 5 barobarga oshirish;
  • mikromoliyaviy xizmatlar bilan 1 milliondan ortiq tadbirkorlarni qamrab olish;
  • mikromoliya tashkilotlari resurs bazasida jismoniy shaxslardan jalb qilinadigan mablagʻlar miqdorini 2 barobarga oshirish;
  • mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish orqali rasmiy daromadga ega boʻlmagan 500 mingga yaqin shaxslarni oʻzini oʻzi band qilish va biznesni rivojlantirishga koʻmaklashish.
    2024-yil 1-yanvardan:
  • mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln soʻmdan 100 mln soʻmgacha oshiriladi;
  • nobank kredit tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati yoki masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi;
  • mikromoliya tashkilotlariga norezidentlardan xorijiy valyutada qarz mablagʻlarini jalb qilish hamda yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar koʻrsatishga ruxsat beriladi;
  • jismoniy shaxs boʻlgan ishtirokchilardan (aksiyadorlardan) ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritilgan hissa summasining yoki ularning egaligidagi aksiyalar nominal qiymatining ikki baravaridan oshmaydigan miqdorda qarz mablagʻlarini jalb etishga ruxsat beriladi;
  • mikromoliya tashkilotlari tegishli litsenziya olgan holda toʻlov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻladi;
  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi ulushga egalik qilish uchun Markaziy bank dastlabki ruxsatnomasini olish talabi qonunchilikda belgilangan 10 foizlik ulushni 20 foizga oshirish orqali yumshatiladi.
  • Bunda, olinayotgan ulush miqdori 10 foizdan 20 foizgacha boʻlganda Markaziy bankni xabardor qilish tartibi joriy etiladi;
  • mikromoliya tashkilotlariga tijorat banklaridan kredit resurslari jalb etilganda yoki tadbirkorlik subyektlariga mikromoliya tashkilotlaridan mikrokredit olinganda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ kafilligini berish imkoniyati yaratiladi;
  • tijorat banklariga mikromoliya tashkilotlariga kredit ajratishda ularning koʻrsatilgan mikromoliyaviy xizmatlari boʻyicha talab qilib olish huquqini garovga olish huquqi beriladi. 2024-yil 1-aprelgacha mikromoliya xizmatlari sohasiga ixtisoslashgan yangi mikromoliya tashkiloti tashkil etiladi. 2024-yil 1-yanvargacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar koʻrsatishning normativ-huquqiy bazasi ishlab chiqiladi.
Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan