15-noyabr kuni BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasi (CRIC-21 UNCCD) ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi doirasida “Silk Road Samarkand” kongress zalida yalpi majlis boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Sent-Luis Qishloq xoʻjaligi, baliqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq taraqqiyoti vaziri Alfred Prosper, UNCCD COP15 raisi Alen-Rishar Donvai, Saudiya Arabistoni Qirolligi atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri oʻrinbosari, UNCCD COP16 yangi raisi Usama Ibrohim Faqih, UNCCD ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, IHT Bosh kotibi oʻrinbosari Huseyn Avni Bijakli va xorijiy delegatlar vakillari ishtirok etdi.

“Oʻzbekiston uchun kuchayib borayotgan qum va chang boʻronlari muammosi har qachongidan ham dolzarbdir. Chunki mamlakat hududining katta qismi dasht va choʻllardan iborat. Ushbu muammolarni hal qilish uchun barcha darajalarda kompleks chora-tadbirlar koʻrish kerak. Bu masalani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxsan nazorat qilib bormoqda, — dedi Aziz Abduhakimov oʻz nutqida. — Markaziy Osiyo mamlakatlari atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari bilan biz samarali platforma yaratdik. Messenjerda dolzarb masalalarni muhokama qilamiz, fikr almashamiz. Bugun men ushbu platformani kengaytirish va qoʻshni hududlardagi siyosatchilarning keng doirasini birlashtirishni taklif qilaman”.

Oliy darajadagi tadbir doirasida turli mamlakatlar vazirlari va atrof-muhit sohasidagi yetakchilarning uchrashuvi hamda hukumatlar, BMT agentliklari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida interaktiv muloqot boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar qisqa muhokama va maʼruzachilarga savollar berish imkoniyatiga ega boʻldilar.

“Qum va changdan iborat qora bulutlarning yopirilib kelishi, yoʻlidagi hamma narsani yutib yuborayotgani va kunning tunga aylanishi tabiatdagi eng hayratlanarli manzaralardan biridir. Bu Shimoliy va Markaziy Osiyodan Afrikaning janubi-gʻarbiy qismigacha boʻlgan hamma joyda tartibsizlikni keltirib chiqarayotgan xavfli hodisadir, — dedi BMTning choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiau. — Qum va chang boʻronlari barqaror rivojlanishga erishish uchun katta muammo tugʻdirmoqda. Biroq, bu xavfni yanada ogʻirlashtirish ham, bartaraf etish ham insonlarning qoʻlida”.
Oʻz navbatida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Bahriddin Nishonov havo ifloslanishini monitoring qilishning zamonaviy tizimlari muhim ekanligini taʼkidladi.
“Tadqiqotlarga koʻra, Markaziy Osiyo va Xitoy atmosferaga chang chiqarish boʻyicha dunyo miqyosida (Sahroyi Kabir choʻlidan keyin) ikkinchi oʻrinda turadi – bu umumiy miqdorning taxminan 20 foiziga teng. Oʻzbekistonda shahar va aholi punktlarining atmosfera havosidagi chang va mayda dispers zarrachalarning (PM1, PM2,5, PM10) koʻrish diapazoni va konsentratsiyasini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi avtomatik meteorologik stansiyalar va havoning ifloslanishini avtomatik nazorat qiluvchi stansiyalar oʻrnatilgan. Chang va qum boʻronlarini kuzatish va prognoz qilish imkoniyatlarini kuchaytirish ushbu hodisalarning salbiy oqibatlarini kamaytirishga yordam beradi”, — dedi u.

Taʼkidlash joizki, BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasiga (UNCCD) koʻra, qum va chang boʻronlari yetarlicha eʼtibor berilmagan muammo boʻlib, hozirda dunyoning baʼzi joylarida “sezilarli darajada” keng tarqalgan.
Har yili atmosferaga Gizadagi 350 ta piramida ogʻirligiga teng boʻlgan ikki milliard tonna qum va chang tarqaladi. UNCCD ekspertlarining fikricha, bu hodisaning 25 foizdan ortigʻi inson faoliyati bilan bogʻliq. Zarar Shimoliy va Markaziy Osiyodan Sahroi Kabir, janubiy Afrikagacha boʻlgan mamlakatlarda sodir boʻladi, ularning inson salomatligiga taʼsiri hali ham yetarlicha baholanmagan.

UNCCD, FAO va hamkorlarning qum va chang boʻronlari hamda ularning omillari haqidagi toʻplamida changli qum boʻronlari maʼlumotlarini toʻplash va baholash, monitoring qilish va erta ogohlantirish, yumshatish va tayyorgarlik, shuningdek, submilliy, milliy, mintaqaviy va global darajadagi antropogen manbalarni xaritalash va yumshatish metodologiyalari borasida kerakli tavsiyalar berib oʻtilgan.


Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan