Bugungi yigʻilishda, Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatida madaniyat va sportni rivojlantirishga qaratilgan qator vazifalar xususida ham toʻxtaldi.
Jumladan, “Boysun”, “Shalola”, “Boy-chechak”, “Chor-qarsak”, “Bulbuli-goʻyo” kabi badiiy jamoalarning xalqaro festivallarda ishtirokini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.
Madaniyat vazirligi baxshichilik sanʼati namunalari, doston va termalarning “Oltin fondi”ni yaratadi. “Doʻmbira” ustaxonasi va “Baxshilar uyushmasi” tashkil qilinadi.
Shuningdek, Surxon yoshlarini sportga jalb qilish boʻyicha bir oy muddatda qaror loyihasini kiritish, kelgusi yilda “Uchqizil” suv omborida baydarka va kanoeda eshkak eshish xalqaro sport bazasini tashkil qilish topshirildi.
Yigʻilishda yana bir masala – iqtidorli yoshlarni xorijda oʻqitish haqida ham gap bordi. Qayd etilishicha, kelgusi yillarda Surxondaryodan 500 nafargacha yoshlar Italiyaga yuboriladi. Ular Italiyaning yirik sanoat korxonalarida toʻqimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat ishlab chiqarish uskunalarida ishlashni oʻrganib keladi. Yoshlar oʻqishdan qaytib kelgach, ular oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishiga har tomonlama koʻmak koʻrsatiladi.
Yigʻilish davomida hududlar va tarmoqlar, tegishli idoralar rahbarlarining hisoboti tinglandi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan