Bishkek shahrida buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Unda amaliy tashrif bilan Qirgʻiz Respublikasida boʻlib turgan Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Anjumanda ulugʻ adib ijodiy merosining ahamiyati, asarlarida tarannum etilgan yuksak insoniy fazilatlar haqida soʻz yuritildi. Adibning yirik jamoat arbobi sifatidagi faoliyati, turli xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashga qoʻshgan beqiyos xizmatlari eʼtirof etildi.

Chingiz Aytmatov ijodi, uning betakror asarlari qator tillarga tarjima qilingan. Adibning koʻplab asarlari jahon adabiyotining eng sara namunalari qatoridan joy olgan.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva oʻzbek xalqi buyuk adibning Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi qardoshlik rishtalarini rivojlantirish va mustahkamlashga qoʻshgan hissasini doimo yodda saqlashini va minnatdorlik hissi bilan qayd etishini taʼkidladi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining alohida qarori bilan buyuk yozuvchi va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi Oʻzbekistonda adabiyot va kitobxonlik, doʻstlik va birodarlik bayrami sifatida keng nishonlangani aytib oʻtildi.
Yozuvchining xalqlarimiz oʻrtasidagi totuvlikni saqlash, doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy adabiyotlar va madaniy aloqalarni rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi alohida qayd etildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan