“Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–199-son, 23.11.2023-y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qilmoqda.

Farmonga koʻra, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda:
Davlat byudjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlarning kamida 50 foizi “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish uchun “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bogʻim” loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Bunda aholi tashabbusi bilan “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish boʻyicha maydon manzili va rasmlari koʻrsatilgan holda qiymati 250 mln soʻmdan oshmagan tashabbus bildiriladi.
“Mening bogʻim” loyihalarini shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni har yili yanvar-fevral oylarida oʻtkaziladi.
Farmonga muvofiq, avtomobil, temir yoʻl, daryo va kanallar yoqalari, davlat organlari va tashkilotlari yer uchastkalarining foydalanilmayotgan qismida (oʻrmon fondi yerlari bundan mustasno) “yashil bogʻlar” ushbu yerlarning egalari, foydalanuvchilari hamda tashabbuskor jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida 10 yilgacha tegishli shartlarda toʻgʻridan-toʻgʻri tuziladigan ikki tomonlama shartnoma asosida barpo etiladi.

Yer uchastkalari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga “yashil bogʻ” barpo etish uchun doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi.
Shuningdek, har yili “Eng yashil mahalla” tanlovi oʻtkazilib, natijalar boʻyicha gʻolib boʻlgan 14 ta mahallaga Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:

  • mahallaning tegishli jamgʻarmasiga daraxtlar ekish va sugʻorish, “yashil jamoat parki”ni yaratishga jami 500 million soʻmdan oʻtkazib beriladi;
  • oʻzini oʻzi boshqarish organlariga xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil xarid qilish va topshirish choralari koʻriladi.
    2024-yilda oʻrmon fondining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida koʻchat yetishtirish ishlarini yoʻlga qoʻyish orqali kamida 10 ming nafar aholi bandligi taʼminlanadi.
    Jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmanomalari asosida daraxt va buta koʻchatlarini ekishni tashkillashtirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida elektron toʻlov tizimlaridan foydalanuvchilar va boshqa isteʼmolchilar tomonidan ixtiyoriy xayriya oʻtkazmalari boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi “Yashil toʻlov” platformasi joriy qilinadi.
    Shuningdek, 2024–2026-yillarda Toshkent shahri atrofida jami 441 gektar maydonda “yashil belbogʻ”lar barpo etiladi.
Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan