Tadbirkorlar soliq sohasiga oid yangiliklar bilan tanishishdi

Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasida Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar mazmun-mohiyatini tadbirkorlik subyektlari va keng jamoatchilik vakillariga yetkazish maqsadida seminar tashkil etildi.
Unda Soliq qo‘mitasi hamda viloyat soliq boshqarmasi mutaxassislari Soliq kodeksining 46 ta moddalariga kiritilgan o‘zgartishlar, xususan, soliq stavkalari, kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish, qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda aksiz solig‘i bilan bog‘liq o‘zgarishlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berishdi.

Foyda solig‘i bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lanishi bo‘yicha belgilangan chegaraviy miqdorning bir barobarga oshirilishi, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga kameral soliq tekshiruvi natijasida qoʻshimcha hisoblangan soliqlarni 6 oy mobaynida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash huquqining berilishi hamda kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi bilan bog‘liq o‘zgarishlar tadbirkorlar uchun navbatdagi imkoniyatlar bo‘lsa, 2024-yildan e’tiboran QQS bilan bog‘liq ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi, daromadi 100 million so‘mdan oshgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga YTTlar uchun belgilangan tartibda soliq solinishi tadbirkorlar o‘rtasida teng raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi.

-Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq turidagi muhim o‘zgarishlardan biri bu sement ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan ohaktoshning 1 tonnasi uchun belgilangan soliq stavkasining 22 500 so‘mdan 6000 so‘mga pasaytirilishi bo‘ldi, – deydi “Sherobod sement zavodi” MChJ bosh hisobchisi O‘ktam Nomozov. -O‘tgan 2023-yilda korxonamiz tomonidan qazib olingan 808 ming 536 tonna ohaktosh uchun 18 milliard 190 million so‘m miqdorida yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq to‘lagan bo‘lsak, 2024-yilda mazkur soliq stavkasining qariyb 4 barobarga kamayishi natijasida korxonamiz hisobida o‘rtacha 13 milliard 341 million so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda. Bu esa korxonamizda ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish va ish o‘rinlari sonini kengaytirish imkonini beradi. Seminar davomida tadbirkorlarning mol-mulk solig‘ini hisoblash, o‘tgan yillardagi cheklarni taxrirlash, bank kartalarini onlayn nazorat kassa mashinalariga integratsiya qilish, noqonuniy tarzda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishning oqibatlari, “Soliq hamkor” orqali yo‘llangan murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda ijara to‘lovlari bilan bog‘liq ko‘plab savollariga batafsil javoblar berildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan