So‘fi Olloyor masjidga o‘tirganidan so‘ng, e’tibori shogirdlar tarbiyasiga qaratilib, xalqni to‘g‘ri yo‘lga boshlash mashaqqati yelkasiga tushadi. Bu orada turli xil ziddiyat, zamona qarama-qarshiligiga uchrab, dastlab Kat Ilyosda (taxminan) 1700 yilga qadar, Kattaqo‘rg‘onda 1702 yilgacha, Cho‘nqaymish-Anazirat (Ona ziyorat)da 1712 yilning oxirlarigacha, Qoratikanda bir necha oy istiqomat qilib, sayri sulukda bardavom bo‘ladi. So‘fi Olloyor 1713 yildan keyingi umrini Hisor tarafiga, Mavlono Zohid Vaxshuvoriy ostonasini makon qilib, mujohida va riyozat bilan o‘tkazadi. Fayzu anvor va fayzu osor bo‘lgan bu joyda yashab, xonaqoh va chiroyli bog‘ qurdiradi . Tadqiqotlardan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, shoirning ikki o‘g‘li, bir qizi bo‘lgan . Mutasavvuf olim va valiy So‘fi Olloyor 1724 yilda hozirgi Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi Vaxshuvor qishlog‘ida vafot etgan . Katta Vaxshuvor qishlog‘ida So‘fi Olloyor hayotligi davrida o‘zi qurdirgan qadimgi masjid (XVIII asr) mavjud. Qadimshunos olim L.I. Rempel masjid ustunlaridan birining yozuvini o‘qish orqali 1713 yili uni qurib bitkazilganini aniqladi. Masjidning shimoli-sharqiy qismi ikki ayvon, qo‘shimcha xona va hovlidan iborat. Imorat to‘g‘ri burchak shaklida ikki yoqlama ayvon bilan tutashgan. Binoga kirishning janubi-sharqiy va shimoli-sharqiy yo‘llari mavjud. Imorat sinchli paxsadan qurilib, ikki qavat devor bilan o‘ralgan. Masjidning tashqi tarafida kulbalar bor, mehrob qismi juda tor bo‘lib,to‘rtta ustun qo‘yilgan. Ayvonda yettita, zalda esa oltita baquvvat ustunlar bor. Ayvonning diametri 14,0×16,2 m zalning diamerti esa 11,1×9,7 m tashkil etadi . Masjid binosi XIX asrda Fayzulla Oxund va XX asr boshida Qo‘qon eshoni tomonidan amalga oshirilgan . Ziyoratgohga kirishda darvoza va uning atrofida shoirning she’rlari bitilgan g‘ishtin lavhlar bor. Tor va uzun yo‘lak qabristonga qadar cho‘zilgan. Yo‘lakka beton g‘ishtlar namozgohga qadar terilgan. So‘fi buvaning tepasida to‘rtta tug‘ turibdi . Allomaning avlodlari hozirgacha hayot bo‘lib, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi Katta Vaxshuvor qishlog‘ida hamda Sho‘rchi tumanidagi Dalvarzin mahallasida istiqomat qilishadi . Bundan tashqari, So‘fi Olloyorning hozirgi avlodlaridan bir qismi Samarqand shahrida va viloyatning Cho‘nqaymish qishlog‘ida yashashadi, ular o‘zlarini eshon deb ataydilar va tasavvuf vakili sifatida olimning ishlarini davom ettirmoqdalar . Aytish mumkinki, viloyatda So‘fi Olloyor nomidagi bir qancha qadamjolar ham bo‘lib, bu olimning aholi o‘rtasidagi obru-e’tiborining yuksak ekanligidan dalolat beradi. Masalan: Oltinsoy tumani Oqarbuloq qishlog‘idagi “Masjid ota” ziyoratgohi ham shunday ziyorat obyektidir. Mahalliy aholi orasida rivoyatlarga ko‘ra, So‘fi Olloyor xalifalari bilan Samarqanddan chiqib shu yerda to‘xtab o‘tgani uchun aholi bu joyni qadamjo hisoblab, uning yaqinida kichik masjid bunyod etgan. Shu vaqtdan boshlab bu joy ziyorat maskaniga aylangan . Mazkur ziyoratgoh bugunda juda obod va fayzli maskan sifatida aholi o‘rtasida foydalanib kelinadi.