3 yildan beri “Barkamol avlod” bolalar maktabining robototexnika toʻgaragiga qatnaydigan Ozodbek Hoshimov odamlarni is gazidan saqlab qoladigan ixtiro yaratdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, Ozodbek Hoshimov Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Robototexnika” toʻgaragi aʼzosi. U Zangiota tumanidagi 6-maktabning 9-sinf oʻquvchisi.
Ozodbek gaz, olov va tutun yuzaga kelganda xavf haqida tegishli xizmatlarga ogohlantirish SMS xabarnomasini yuboruvchi qurilma ixtiro qildi.


Bunday gʻoya qanday yuzaga keldi degan savolga Ozodbek quyidagicha javob berdi:
“Qish mavsumi edi. Odamlar is gazidan vafot etdi degan mashʼum xabarlarni OAV orqali oʻqib, eshitganimda, buning oldini olish kerak degan oʻy keldi va buning ortidan mana shu ixtironi yaratish gʻoyasi tugʻildi. Agar ushbu ixtiro tegishli xizmatlar bilan integratsiya qilinsa, albatta bunday baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga ishonaman”.
Qurilma yongʻin xavfi yuzaga kelganda, uy egalarini ogohlantirish bilan birga oʻt oʻchiruvchilarga xavf yuzaga kelgan joydan geolokatsiya yuborib, SMS xabarnoma tashlaydi. Ayni damda Ozodbekning ixtirosini patentlash jarayoni kechmoqda.
Ozodbekka ushbu ixtironi yaratishda toʻgarak rahbari Kamoliddin Abduqahhorov boshchilik qilgan. 22 yoshda boʻlgan ustoz 2019-yildan buyon Shayxontohur tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabida toʻgarakka rahbarlik qiladi.
U rahbarlik qilayotgan toʻgarak aʼzolari Respublika hamda Xalqaro miqyosda boʻlib oʻtgan koʻplab tanlovlar gʻolibi boʻlgan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan