Vazirlar Mahkamasining “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar kamida 1 yil davomida ish bilan ta’minlangan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etgan tadbirkorlar mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda:


🔹51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rinlari yaratadigan tadbirkorlar uchun mol-mulk va yer solig‘ining amaldagi soliq stavkasi 50 foizga;
🔹101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadiganlar uchun 75 foizga kamaytiriladi;
🔹200 tadan ortiq ish o‘rinlari yaratadiganlar mazkur soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.

Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga barcha soliqlarni (QQS va soliq agentlari sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) ta’minotsiz va foizsiz quyidagi muddatlarga bo‘lib to‘lash huquqi beriladi:


▫️51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga – 3 oy muddatda;
▫️101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga – 6 oy muddatda;
▫️200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga – 12 oy muddatda.

Dasturga kiritilgan tadbirkorlar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratilgan taqdirda ularga nisbatan quyidagi tartibda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi:


🔸51 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarda soliq auditi o‘tkazilmaydi;
🔸200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarda barcha turdagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.

Shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinib, ularga har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining (MHTEKM) 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JShODS) summasi respublika budjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan oshmagan miqdorda) avtomatlashtirilgan dastur orqali qaytarib beriladi. Ijtimoiy soliq stavkasi 50% ga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi.

Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi Matbuot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan